Maktablar ta’lim ko‘rsatkichiga ko‘ra uch toifaga ajratiladi

Prezident qarori bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.
Sputnik
TOShKENT, 13-may — Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 1-sentabrdan boshlab respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida namunali maktablar reytingini shakllantiradi va e’lon qilib boradi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan tegishli qarorda belgilangan.
Qarorga ko‘ra, reyting doirasida har o‘quv yili yakunida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan mezonlar bo‘yicha baholab boriladi.
Buning uchun umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holatini baholash va reytingni yuritish uchun tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari boshliqlari rahbarligida maxsus komissiyalar tuziladi.
Komissiya xulosasiga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reyting ko‘rsatkichlari asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.
Reyting ko‘rsatkichlari asosida “qizil” toifaga kiritilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.