Mirziyoyev Oltiariqda tashkil etilgan ming gektar adirlikdagi uzumchilik bog‘ini borib ko‘rdi

Oltiariqda uzum mahsulotlarni ko‘paytirish maqsadida tuman chekkasidagi ming gektar adirlikda uzumchilik va bog‘dorchilik plantatsiyasi tashkil etilgan.
Sputnik
TOShKENT, 12-may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifini Oltiariq tumanidan boshladi.
Tumanda uzum mahsulotlarni ko‘paytirish maqsadida ming gektar adirlikda uzumchilik va bog‘dorchilik plantatsiyasi tashkil etildi. Prezident ushbu bog‘ni kelib ko‘rdi.
Ta’kidlanishicha, ilgari bu joy hech narsa ekilmaydigan quruq yer edi. Hozir o‘zlashtirilgan maydonlarning 560 gektarida tokzor barpo etilib, “xusayni”, “kelinbarmoq”, “rizamat”, “kishmish” kabi xaridorgir uzum navlari ekilmoqda. 300 gektarlik intensiv bog‘da olma, gilos, o‘rik ko‘chatlari o‘tqazilmoqda.
Qator oralariga tarvuz ekilgan. Bozor talabiga qarab, qalampir, bulg‘or qalampiri, bodring, ko‘katlar va boshqa poliz mahsulotlari yetishtiriladi. Bular aholi daromadi, yurtimiz eksportini oshirish uchun qo‘shimcha manba bo‘ladi.
"Farg‘ona qishloq xo‘jaligida katta natijalarga erishayapti, odamlarning dunyoqarashi o‘zgarayapti, dehqonlar eksportga chiqayapti. Lekin kechagi natija bugunga to‘g‘ri kelmaydi. Doim izlanishda, harakatda bo‘lishimiz kerak. Mana, salgina sharoit yaratilgani uchun shuncha joy bog‘ bo‘ldi. Hali ichki imkoniyatlarimiz juda ko‘p. Bu imkoniyatlarni “inson qadri” tamoyili asosida xalqimiz manfaatiga yo‘naltirish kerak. Vodiy gavhari Farg‘ona bunda namuna bo‘lishi kerak”, - dedi Mirziyoyev.
Bu yer zamonaviy agrosanoat majmui bo‘ladi - 1 ming 500 tonna sig‘imli muzlatkichli ombor, maishiy xizmat shoxobchalari barpo etiladi. 6 ta minitraktor, 10 ta yuk mashinasi sotib olinadi. Bog‘ va tokzorlar aholiga bo‘lib beriladi. Bu mirishkor oltiariqliklar uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Davlat rahbari shu yerda farg‘onalik dehqonlar va klaster rahbarlari bilan suhbatlashdi.
1 / 5

Mirziyoyev Oltiariqda tashkil etilgan ming gektar adirlikdagi uzumchilik bog‘ini borib ko‘rdi

2 / 5

Mirziyoyev Oltiariqda tashkil etilgan ming gektar adirlikdagi uzumchilik bog‘ini borib ko‘rdi

3 / 5

Mirziyoyev Oltiariqda tashkil etilgan ming gektar adirlikdagi uzumchilik bog‘ini borib ko‘rdi

4 / 5

Mirziyoyev Oltiariqda tashkil etilgan ming gektar adirlikdagi uzumchilik bog‘ini borib ko‘rdi

5 / 5

Mirziyoyev Oltiariqda tashkil etilgan ming gektar adirlikdagi uzumchilik bog‘ini borib ko‘rdi

“Bu bog‘ va tokzorlar aholiga xususiylashtirib beriladi. Mulkdor qancha ko‘p bo‘lsa, mas’uliyat ko‘p bo‘ladi, xaridorlarning, chet ellik hamkorlarning tadbirkorga ishonchi bo‘ladi, odamlar ko‘proq daromad oladi”, - dedi prezident.
Hududda 3 mingdan ortiq ish o‘rni ochilishi aytildi. Ularga ishsiz yoshlar va ehtiyojmand oilalar, jumladan, xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari ishga olinadi.