TOShKENT, 12-may — Sputnik. NATOning kengayishi va Rossiya chegaralariga yaqinlashishi Yevroosiyo qit’asini yanada barqaror va xavfsiz qilmaydi, Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi, shubhasiz, Rossiya xavfsizligiga tahdid soladi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Biz bir necha bor NATOning kengayishi va alyans harbiy infratuzilmasining chegaralarimizga yaqinlashishi dunyoni, asosiysi, Yevroosiyo qit’amizni yanada barqaror va xavfsiz qilmasligini aytgandik. Bu aniq”, - dedi Peskov. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.
Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lishi Rossiya uchun tahdid hisoblanadimi, degan savolga Peskov “Shubhasiz” deya javob berdi.
Avvalroq Finlyandiya prezidenti Sauli Niiniste va bosh vaziri Sanna Marin qo‘shma bayonot bilan chiqib, mamlakat NATOga a’zo bo‘lish uchun zudlik bilan ariza berishi kerakligini ta’kidlashgan edi. Ularning fikricha, alyansga a’zolik Finlyandiya xavfsizligini mustahkamlaydi.