Surxondaryoda sel oqizib ketgan ikki kishining jasadi topildi

FVV Sariosiyo tumanida sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Sputnik
TOShKENT, 11-may — Sputnik. Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida yuzaga kelgan sel oqibatlarini bartaraf etish jarayonida avtomobil va ikki fuqaroning jasadi topildi.
FVV matbuot xizmati rahbari Murod Sodiqovning Sputnik muxbiriga xabar berishicha, “Nexia" rusumli avtomashinasida bo‘lgan Uzun tumani Istiqlol mahallasida yashovchi birinchi fuqaroning jasadi To‘palang darosi o‘zanidan topilgan.
Ayni vaqtda daryo o‘zanidan ikkinchi fuqaroning jasadi olib chiqilmoqda, ikkinchi fuqaroning jasadi birinchi fuqaro jasadi topilgan joydan taxminan 5 km quyidan topilgan.
Hozirda voqea joyida FVB qutqaruvchilari, Milliy gvardiya, Ichki ishlar va tegishli xizmatlar xodimlari qidiruv-qutqaruv va sel oqimi oqibatlarini bartaraf etishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 10-mayda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanining tog‘li hududi “Bog‘iston” MFY “Zoxona” qishlog‘ida sel oqimi hodisasi yuzaga kelgan edi.