TOShKENT, 11-may — Sputnik. Toshkent viloyati Nurafshon shahrida 34 milliondan ortiq sarmoyalar hisobiga yiliga 40 mingta komplekt quyosh batareyalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu yilning o‘zida quyosh batareyalarini ishlab chiqarish "Renerca" MChJ XK ("FREE VOLT") tomonidan yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekistonning 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda viloyatda 274 million dollarlik qo‘shimcha 38 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.
“Yil yakuniga qadar, yana 15 ta loyiha hayotga tatbiq qilinadi. Natijasda 857 ta yangi ish o‘rni tashkil etish kutilmoqda”, - deyiladi xabarda.
Barcha loyihalar ishga tushganidan keyin 5 875 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Yillik ishlab chiqarish hajmi 513 million dollar, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar 217 million dollarga oshadi. Bunda viloyat iqtisodiyotiga qo‘shimcha 264,6 millard so‘m mablag‘ qo‘shiladi.
Ma’lumot uchun, viloyatda hozirgi kunda 75 ta elektrotexnika vositalarini ishlab chiqaruvchi korxona mavjud. Ularning yillik ishlab chiqarish quvvati 183 million dollarga teng.