Norov Dushanbedagi MDH tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida ishtirok etadi

12-13 may kunlari Dushanbeda MDH tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 11-may — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi Dushanbedagi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etadi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Majlis 12-13 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Tadbir doirasida xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar va MDH formatidagi o‘zaro hamkorlik yuzasidan fikr almashiladi. Qo‘shma dasturlar ijrosini, shuningdek, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar davlat rahbarlari kengashi ko‘rib chiqish uchun kiritilgan hujjatlar loyihalarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Dushanbega tashrifi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar idoralari rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi va bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.