TOShKENT, 11-may — Sputnik. O‘zbekistonda 2022-yil 1-sentabrdan "E-Antikorrupsiya" loyihasi to‘liq ishga tushiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-may kuni tegishli qarorga imzo chekdi.
Loyihasi quyidagilarni nazarda tutadi.
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash;
“Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri”ni shakllantirish va yuritish;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, inson omilini qisqartirish va tegishli tartib-taomillar va funksiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish orqali bartaraf etish.
Loyiha “E-Anticor.uz” elektron platformasida amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2023-yil 1-yanvargacha davlat boshqaruvi organlarida quyidagi talablar asosida kadrlar bilan ishlash yo‘nalishidagi avtomatlashtirilgan tizim joriy etiladi:
- vakant lavozimlarni e’lon qilishdan tortib, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarni to‘liq elektron tarzda amalga oshirish;
- tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona elektron bazaga jamlagan holda axborotni to‘plash va unga ishlov berish;
- kadrlarga oid ish yurituv hujjatlarini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda faqat tizim orqali elektron shaklda qabul qilish va yuritish;
- xodimlarning ish faoliyati samaradorligini avtomatik baholash va ularni masofaviy o‘qitish;
- kadrlar bo‘yicha ma’lumotlarning elektron arxivini yuritish.