TOShKENT, 11-may — Sputnik. O‘zbekistonda 1-iyundan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Davlat rahbarini jahon bozorlarida oziq-ovqat narxlari kun sayin yuqori sur’atlar bilan o‘sayotganini qayd etgan. Bugungi kunda xalqaro birjalarda 1 tonna bug‘doy 400 dollardan sotilmoqda va yil boshiga nisbatan 30 foizga oshdi.
“Bunday vaziyatda narx-navo barqarorligini ta’minlashning yagona to‘g‘ri yo‘li bu – fermerlar manfaatdorligini ta’minlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni ko‘paytirish hisoblanadi”, - dedi prezident.
Buning uchun g‘allachilikda bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish zarur. Davlat rahbari mamlakat bu islohotlarga uzoq tayyorgarlik ko‘rganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sohada xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani tufayli uning ulushi tobora ortib bormoqda. Xususan, so‘nggi uch yilda hududlarda quvvati qariyb 3 million tonna bo‘lgan 160 dan ortiq yirik xususiy don korxonalari ish boshladi.
Yig‘ilishda o‘tgan yilda respublika bo‘yicha qariyb 3,5 million tonna un ishlab chiqarilgani, shundan 54 foizi xususiy don korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelgani ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat don korxonalarining tegirmon xarajatlari xususiy sektorga nisbatan 20-25 foizga yuqori, rentabellik esa 2 baravar kam.
Ishlar samarasiz yo‘lga qo‘yilgani oqibatida “O‘zdonmahsulot” korxonalarining Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi oldidagi qarzi 1,8 trln so‘mni tashkil etib, shundan 1,1 trln so‘mi umidsiz qarz hisoblanadi.
“Bir so‘z bilan aytganda, davlat don korxonalaridagi ayni paytdagi eskicha tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayapti. Shu bois, qishloq xo‘jaligi islohotlarini boshlagan davrimizda don yetishtirishda davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilish va haqiqiy g‘alla bozorini yaratishni bundan uch yil oldin e’lon qilgan edik. Bugun xalqimiz, fermer-dehqonlarimiz anchadan buyon kutgan ushbu islohotlarimizning yangi bosqichini boshlaymiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, 1-iyundan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tamiz”, - dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, fermer va klasterlar o‘zlari yetishtirgan g‘allasini birja savdolariga olib chiqishlari uchun ham barcha imkoniyatlar yaratiladi.
Davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yildagi 1 million 550 ming so‘mdan joriy yil hosili uchun 3 million so‘mga, ya’ni 2 baravarga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi xarid qilgan 1 million 783 ming tonna bug‘doy ehtiyojga qarab oyma-oy birjaga chiqariladi.
Bunda iyul-avgust oylarida birjada shakllangan o‘rtacha narxlardan kelib chiqib, fermerlarga o‘rtadagi ijobiy farq ham to‘lab beriladi.
Misol uchun, avgust oyida 1 tonna g‘allaning birja narxi 3,5 million so‘m bo‘lsa, fermerga yana 500 ming so‘m to‘lab beriladi. Bu maqsadlarga joriy yilda davlatdan 6 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi.
Bundan tashqari:
fermerlar ixtiyorida qoladigan bug‘doydan 500 ming tonnasi don korxonalarida vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi va 1-iyuldan boshlab ilk bora fermer va klasterlarning o‘zlari birja savdolariga bozor narxida chiqaradi;
500 ming tonna bug‘doyning don korxonalarida vaqtincha saqlash xarajatlarini davlat o‘z zimmasiga oladi va bunga 100 milliard so‘m ajratiladi.
Agar fermer va klasterlar tomonidan yetishtirgan ortiqcha g‘allasini sotish istagi bo‘lsa, davlat va xususiy don korxonalariga shartnoma asosida kelishilgan narxlarda sotadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2021-yil hosilidan boshlab davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan to‘liq voz kechilishi xabar qilingan edi.