Rossiya O‘zbekistonga qancha bug‘doy uni eksport qildi

O‘zbekistonga qiymati 28,8 mln $ga teng bo‘lgan 92,6 ming tonna bug‘doy uni import qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 10-may — Sputnik. O‘zbekiston 2022-yilning yanvar-mart oylarida Rossiyadan 1,3 tonna bug‘doy uni import qildi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Statqo‘mga ko‘ra, O‘zbekistonga qiymati 28,8 mln $ga teng bo‘lgan 92,6 ming tonna bug‘doy uni import qilindi. Bug‘doy uni importi hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 22 ming tonnaga oshdi.
O‘zbekiston bug‘doy unini eng ko‘p import qilgan davlatlar reytingida Qozog‘iston (91,2 ming tonna) yetakchilik qilmoqda. Rossiya (1,3 ming tonna) ham mamlakatning asosiy eksportchilari qatorida. AQSh (50 tonna), Italiya (12,4 tonna) va Fransiya (1,8 tonna)dan ham bug‘doy uni import qilindi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2022-yilning yanvar-mart oylarida Rossiyadan 205,2 mln $ oziq-ovqat mahsulotlari import qildi.
2021 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 32,8 % ga o‘sib, 7 mlrd 517 mln $ni tashkil etdi. Rossiya respublikaning umumiy tashqi savdo aylanmasida 17,9 % ulush bilan yirik hamkor davlatlar qatoridan birinchi o‘rinni egalladi.