TOShKENT, 9-may — Sputnik. Hukumatning "2022—2026 yillarda Toshkent shahri hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:
Toshkent shahrida 2022—2026 yillarda yalpi hududiy mahsulot hajmini 1,6 baravarga, sanoat mahsulotlari hajmini 1,4 baravarga, xizmatlar hajmini 3 baravarga hamda qurilish ishlari hajmini 1,6 baravarga oshirishni nazarda tutuvchi shahar va tumanlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlar parametrlari;
hududlarda aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida bildirilgan takliflar va aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan mavjud muammolarni tezkor bartaraf etishga qaratilgan hamda amaliy tadbirlarni o‘z ichiga olgan "yo‘l xaritasi";
2022 yilda Toshkent shahrida muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish hamda ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha kompleks tadbirlar.
Qaror bilan shunday tartib o‘rnatildiki, unga ko‘ra:
har oyda tumanlar sektor rahbarlari xalq deputatlari kengashlarida loyihalar ijrosi yuzasidan hisobot berib boradi;
har oy yakuni bilan Toshkent shahar hokimi xalq deputatlari Toshkent shahar kengashida loyiha parametrlarini va ko‘rsatkichlari ijrosi hamda erishilgan natijalarni muhokama qilib boradi;
har chorakda bosh vazirning o‘rinbosarlari tegishli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari ishtirokida joylarga chiqqan holda, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha loyiha vazifalarning bajarilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazadi va zarur tadbirlarni belgilaydi;
har chorak yakuni bilan loyiha ijrosi Vazirlar Mahkamasi rayosati majlislarida ko‘rib chiqiladi va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Prezident Administratsiyasiga axborot kiritib boriladi.
Hujjat qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 6-maydan kuchga kirgan.