TOShKENT, 9-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-may kuni qozog‘istonlik hamkasbi Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
“Suhbat avvalida davlat rahbarlari bir-birini, mamlakatlarimizning birodar xalqlari va faxriylarini Ikkinchi jahon urushidagi G‘alaba kuni bilan samimiy muborakbod etib, sihat-salomatlik, baxt-saodat va farovonlik, tinchlik va ravnaq tiladilar”, - deyiladi O‘zbekiston yetakchisi matbuot xizmati xabarida.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. O‘zaro savdo va investitsiyalar ko‘rsatkichlari izchil oshib borayotgani, parlamentlar, hukumatlar va hududlar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, infratuzilma va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentlar mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, bo‘lajak oliy darajadagi ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.