TOShKENT, 8-may — Sputnik. Qashqadaryo viloyatidagi Hisor davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqonga yana noyob qor qoploni “ilindi”. Bu haqda qo‘riqxona ma’muriyati xabar berdi.
Qor qoploni – Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi va O‘zbekiston qizil kitobiga kiritilgan dunyo miqyosidagi noyob tur hisoblanadi.
Shuningdek, u SITES - yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risidagi Konvensiya ro‘yxatiga kiritilgan. Qor qoplonini ovlash qat’iyan taqiqlangan.
Qor qoploni O‘zbekistondan tashqari Xitoy, Nepal, Qirg‘iziston, Mongoliya, Tojikiston, Pokiston, Rossiya, Qozog‘iston, Hindiston, Afg‘oniston va Butan kabi davlatlar hududida uchraydi.
Mushuksimonlar oilasiga mansub bu noyob jonivorni mamlakatda muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, Hisor davlat qo‘riqxonasida qor qoplonining erkin yashash tarzi va ko‘payishi uchun doimiy muhofaza choralari amalga oshirib kelinadi.