O‘zbekistonliklar 13 turdagi kasalliklarga qarshi emlanyapti

Difteriya, ko‘kyo‘tal, qoqshol, sil, virusli gepatit V, poliomiyelit, qizamiq, qizilcha, epidemik parotit, rotavirus, pnevmokokk, gemofilius inflyuensa tip B (XIB) infeksiyasi, bachadon bo‘yni saratoniga qarshi rejali vaksinatsiya tadbirlari o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 7-may — Sputnik. O‘zbekiston aholisi 13 turdagi kasalliklarga qarshi rejali emlanmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘lim rahbari Dilorom Tursunova ma’lum qildi.
Mutaxassisga ko‘ra, mamlakatda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan. Unga muvofiq, 13 turdagi yuqumli kasalliklar — difteriya, ko‘kyo‘tal, qoqshol, sil, virusli gepatit V, poliomiyelit, qizamiq, qizilcha, epidemik parotit, rotavirus, pnevmokokk, gemofilius inflyuensa tip B (XIB) infeksiyasi, bachadon bo‘yni saratoniga qarshi rejali vaksinatsiya tadbirlari o‘tkaziladi.
Profilaktik emlashlar uchun 3 ming 138 ta emlash punkti ajratilgan. Chaqaloqlarni silga va gepatit V ga qarshi emlash esa tug‘uruq komplekslarida amalga oshirilmoqda.
“Aholini boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash ushbu xastaliklarni kamaytirish, infeksiya o‘choqlarini jilovlash va bartaraf etishda asosiy vosita hisoblanadi”, - deydi Dilorom Tursunova.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlashlar bilan qamrab olish darajasi 95-98 foizni tashkil etgan. Mamlakatda 2003-yildan buyon emlashdan so‘ng nojo‘ya holatlar ro‘yxatga olinmagan.
“Muhimi, immunizatsiya tadbirlarining muntazam va samarali olib borilishi natijasida 1996-yildan buyon respublikamizda yovvoyi polioviruslar keltirib chiqaradigan poliomiyelit kasalligi tugatildi va O‘zbekiston 2002-yilda “Poliomiyelitdan xoli hudud”, 2017-yilda esa “Qizamiq va qizilchaning 36 oylik eliminatsiyasiga erishgan hudud” nomli xalqaro sertifikatlarni olishga muvaffaq bo‘ldi”, - deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘limi rahbari.