TOShKENT, 5-may — Sputnik. Hukumatning 234-sonli qarori bilan “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasi tashkil etildi. Bu muassasada maktabgacha guruhlar faoliyat ko‘rsatishi mumkin.
“Mehrli maktab” Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalarga maktabgacha ta’lim va tarbiya hamda umumiy o‘rta ta’lim berish jarayonlarini samarali tashkil etish maqsadida tashkil etildi.
Mehrli maktabda quyidagi maktabgacha guruhlar faoliyat ko‘rsatishi mumkin:
maktabgacha ta’lim gospital guruhlari – davolash-profilaktika muassasalarida tashkil etiladi. Ularga statsionar davolanayotgan, sog‘lig‘i sababli bog‘chaga bora olmaydigan 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qamrab olinadi.
ilk rivojlanish yoshidagi bolalarga mo‘ljallangan o‘yin guruhlari – statsionar davolash-profilaktika muassasalarida tashkil etiladi. Ularga 1,5 yoshdan 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar qamrab olinadi. Ushbu guruhda ona onalar o‘z farzandlarini parvarish va nazorat qilishi mumkin bo‘ladi.
maktabgacha ta’lim gospital guruhlari, ilk rivojlanish yoshidagi bolalarga mo‘ljallangan o‘yin guruhlari.
Davolanayotganlarni maktabgacha gospital guruhlariga qabul qilish Mehrli maktab tomonidan taqdim etiladigan ro‘yxatlar asosidaamalga oshiriladi.
Markazda davolanayotganlar uchun alohida ishlab chiqilgan o‘quv rejasi asosida 1–11-sinflar hajmida umumiy o‘rta ta’lim beriladi.
Dars mashg‘ulotining davomiyligi boshlang‘ich maktabning 1–4 sinflarda – 35 daqiqa, 5–11 sinflarda – 40 daqiqa bo‘ladi.
Bunda bir kunlik dars mashg‘ulotlari 1–4 sinflarda 3 soatdan, 5–11 sinflarda 4 soatdan oshmasligi lozim. O‘quv haftasi davomiyligi 5 kunlik asosida olib boriladi.
Muassasa yuridik shaxs maqomiga ega va u Xalq ta’limi vazirligi huzurida tashkil etiladi.