TOShKENT, 5-may - Sputnik. Germaniyaning sharqiy qismi Rossiya neftiga embargo tufayli benzin tanqisligiga duch kelishi mumkin, deya ogohlantirdi Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Xabek RTL Direkt telekanali efirida.
“Afsuski, haqiqatan ham taqchillik bo‘lishini inkor etib bo‘lmaydi, biz buni hal qila olamiz, lekin cheklangan vaqt ichida neft kam, shuning uchun benzin ham juda kam bo‘ladi. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Albatta, biz bunday bo‘lmasligi uchun harakat qilyapmiz”, deya vazirning so‘zlaridan iqtibos keltirdi RIA Novosti.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat sharqi Shvedt shahrida joylashgan neftni qayta ishlash zavodiga bog‘liq. U, o‘z navbatida, Rossiyadan keladigan energiya resurslaridan foydalanadi.
Avvalroq, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Rossiya Federatsiyasiga qarshi oltinchi sanksiyalar paketini e’lon qilgan edi. Unda YeI davlatlariga olti oy ichida Rossiya xom neftini import qilishdan, 2023-yilda esa neft mahsulotlari importidan voz kechish taklif qilingan.
Ma’lumot uchun, Rossiyaning Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiyasi boshlanganidan so‘ng, G‘arb davlatlari Moskvaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirdi. Birinchi navbatda cheklov choralari bank sektoriga va yuqori texnologiyali mahsulotlar yetkazib berishga ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘pgina brendlar Rossiyadan chiqishlarini e’lon qildi.
Kreml bu choralarni iqtisodiy urush deb atadi, biroq ular voqealarning bunday rivojlanishiga tayyorligini bildirdi. Rossiya banki valyuta bozoridagi vaziyatni barqarorlashtirish choralarini ko‘rdi, do‘stona bo‘lmagan mamlakatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lovlar rublga o‘tkazildi. Bundan tashqari, hukumat yuzga yaqin tashabbusni o‘z ichiga olgan cheklovchi choralarga qarshi turish rejasini tayyorladi. Uning mablag‘lari miqdori taxminan bir trillion rublni tashkil qiladi.
Moskvaga nisbatan sanksiyalar bosimi allaqachon Qo‘shma Shtatlar va Yevropa uchun iqtisodiy muammolarga aylanib, yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlarining jiddiy oshishiga olib kelgan.