TOShKENT, 4-may — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘zbek-afg‘on chegarasida otishma sodir bo‘lgani aytilgan xabarlar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘oniston manbalariga tayanib, go‘yoki 2022-yil 4-mayga o‘tar kechasi O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida otishma sodir bo‘lgani, uning oqibatida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
“Shuni ma’lum qilamizki, tarqatilgan xabarlar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chegarada vaziyat osoyishtaligicha qolmoqda, janubiy sarhadlarni qo‘riqlash odatdagi tartibda olib borilayotir”, - deyilgan bayonotda.
Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulla Mujohid ham turli internet nashrlarida paydo bo‘lgan maqolalarni yolg‘on va asossiz deb atagan.
Vazirlik ommaviy axborot vositalaridan jurnalist etikasiga qat’iy rioya qilishga, o‘z manbalarida noto‘g‘ri va tekshirilmagan ma’lumotlarni joylashtirishdan saqlanishga chorlab qolgan.