Mahalliy sayyohlarga keshbek qanday qaytariladi – tafsilotlar

Ichki sayohatni amalga oshirgan o‘zbekistonliklarga xarajatlarning ma’lum miqdori qoplab beriladi.
Sputnik
TOShKENT, 4-may — Sputnik. O‘zbekistonda 2022-yil 1-sentabrdan boshlab mahalliy sayyohlar uchun ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlarining bir qismini qaytarish, ya’ni “Cashback” tartibi joriy etiladi. Prezident tegishli qarorni imzoladi.
Sayohat xarajatlarini qaytarish ichki sayohatlarni rejalashtirish va mablag‘larni qaytarish hamda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida taqdim qilinadigan chegirmalar, tayyor turistik paketlarni mustaqil shakllantirishni nazarda tutuvchi elektron platforma, shu jumladan, uning mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Sayohat xarajatlarini qaytarish sayohat qilish davomida bir vaqtning o‘zida quyidagilar nazarda tutilganda amalga oshiriladi:
avia, temir yo‘l va (yoki) avtomobil transportidan foydalanish;
joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish;
madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish;
Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:
aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
temir yo‘lda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
Sayohat xarajatlari faqatgina platforma orqali amalga oshirilgan ichki sayohatlar uchun uning yakuni bilan mahalliy turistlarning bank kartalariga qaytariladi.
Xarajatlar haqqoniyligi Davlat soliq qo‘mitasining maxsus mobil ilovasi (SoliqUz) bilan integratsiya qilingan holda tekshiriladi. Xarid chekining matritsali shtrix kodini (QR-kod) va mahalliy turistlarning doimiy yashash joylarini ko‘rsatish orqali sayohatlar ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Moliya vazirligi joriy yilda keshbek dasturi uchun jami 30 milliard so‘m ajratadi.
O‘zbekistonda plyaj zonalari tashkil etiladi