Hokimliklar ko‘p kvartirali uylarni boshqarishga aralasha olmaydi – Adliya vazirligi

Kshp xonadonli uylarni boshqarish uslubi - barcha mulkdorlar ishtirok etgan umumiy yig‘ilishning qarori asosida belgilanadi.
Sputnik
TOShKENT, 4-may - Sputnik. Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari faoliyatiga mahalliy davlat hokimiyati organlari aralashishi yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqida Adliya vazirligi 2020-yilning 1-avgustida kuchga kirgan qonunga asosan xabar qilmoqda.
️Ko‘p kvartirali uyni boshqarish, boshqaruv usulini belgilash uy-joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishi tomonidan hal etiladi. ️Umumiy yig‘ilish quyidagi vakolatlarga ega:
banklardan kredit olish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
ko‘p kvartirali uylarning boshqarish organlari faoliyatini nazorat qilish;
ko‘p kvartirali uylar boshqarish organlarining hisobot berish tartibini belgilash.
Boshqarish usulini tanlash to‘g‘risida mulkdorlar o‘rtasida kelishuvga erishilmaganda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish hududiy bo‘linmasi 3 oyda boshqarish organi vazifalarini amalga oshiruvchi boshqaruv tashkilotini belgilaydi.
Boshqarish usuli umumiy yig‘ilishning qarori asosida istalgan vaqtda o‘zgartirilishi mumkin. Umumiy yig‘ilishning boshqaruv usulini tanlash to‘g‘risidagi qarori mazkur ko‘p kvartirali uydagi barcha mulkdorlar uchun majburiy.
Ko‘p kvartirali uyni shirkatlar boshqarishi mumkinmi?
️Ha, mumkin. Shirkat uy-joylar mulkdorlarining tashabbusiga ko‘ra tashkil etiladi va o‘z ustaviga muvofiq o‘zini o‘zi boshqarish asosida faoliyat ko‘rsatadi.
Shirkatni tashkil etish to‘g‘risidagi qaror har bir ko‘p kvartirali uydagi barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining 50%dan ko‘pi hozir bo‘lgan joylar mulkdorlarining ta’sis yig‘ilishida qabul qilinadi.
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarishga hokimliklar g‘ayriqonuniy aralashganda uy-joy mulkdorlarining qanday huquqlari mavjud yoki ular qayerga murojaat qilishlari mumkin?
️Bunday holatda ma’muriy sudlarga murojaat qilish mumkin. Manfaatdor shaxslar ma’muriy organning qarorlarini haqiqiy emas, ular mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risida ariza (shikoyat) bilan ma’muriy sudga murojaat qilishga haqli.
️Manfaatdor shaxs o‘zining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida ma’lum bo‘lgan paytdan 3 oy ichida sudga murojaat qilishi mumkin.