FVV bugungi sel oqibatlari haqida ma’lum qildi - video

Qashqadar va Surxondaryo viloyatlarining ayrim hududlarida sel kelish hodisalari kuzatildi, aholi mulkiga zarar yetmagan - FVV.
Sputnik
TOShKENT, 3-may - Sputnik. Bugun, 3-may kuni O‘zbekistonning bir necha hududlarida sel kuchli yog‘ingarchilik va sel kelishi kuzatildi, deb xabar qilmoqda FVV.
Xususan, Qashqadaryo viloyati Shaxrisabz tumani "Hisorak" QFY hududda yog‘ib o‘tgan yog‘ingarchilik tepaliklaridan qum aralash shag‘allarni ichki yo‘llarga yuvib tushirgan. Hodisa oqibatida aholi xonadonlari, ularning mulklariga ziyon yetmagan.
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida qisqa muddatli yog‘ib o‘tgan yomg‘ir yog‘ishi natijasida tumanning "Machay", “Yuqori Machay” va "Darband" qishlog‘ida qisqa muddati sel oqimi kuzatilgan. Sel suvlari "Machay", “Yuqori Machay” qishloqlarining ichki yo‘llariga hamda "Darband" qishlog‘i hududidan o‘tgan M-39 "Toshkent-Termiz" xalqaro avtomobil yo‘liga toshgan. Sel suvlari oqibatida aholi xonadonlari, itimoiy obyektlar va kommunikatsiya tarmoqlariga zarar yetmagan. "Toshkent-Termiz" xalqaro avtomobil yo‘lida transport vositalari qatnovi to‘xtatilmagan.
Sariosiyo tumani tog‘li hududining "Xonjiza" MFY hududidan oqib o‘tuvchi "Xursandsoy" soyida suv hajmi ortib, soy chetiga o‘rnatilgan 2 dona, 110 kVt kuchlanishli metal konstruksiyali ustunlar ostini yuvishi oqibatida ushbu ustunlarni yonboshga yiqilishiga olib kelgan. Ayni vaqtda ushbu elektr ustunlarini demontaj qilish ishlari olib borilmoqda. Xavfsizlik nuqtayi nazardan elektr ta’minoti vaqtincha uzilgan.
Shu bilan birga, "Sangardak" soyi tepaliklaridan oqib tushgan yomg‘ir suvlari tuproq va qum-shag‘allarni ichki yo‘llarga oqizib kelgan. Yo‘llarda to‘plangan loyqa va qum-shag‘allar maxsus muhandislik texnikalari yordamida to‘liq bartaraf etildi. Yog‘ingarchilik oqibatida aholi xonadonlari va ularning mulkiga ziyon yetmagan.
Hozirda sel oqimidan so‘ng yo‘llarda yig‘ilib qolgan qum-shag‘al va loyiqalarni tozalash ishlari FVV va tegishli xizmatlar xodimlari hamda maxsus muhandislik texnikalari yordamida amalga oshirilmoqda.
Tog‘li va tog‘oldi hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, dam olish maskanlarida dam oluvchilar va ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni so‘raymiz.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati 3-5 may kunlari Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Toshkent, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarining tog‘li hududlarida kuchli yog‘ingarchilik va sel kelishi ehtimoli borligi haqida xabar berilgan edi.