TOShKENT, 29 apr - Sputnik. Rossiya banki o‘zining asosiy stavkasini yillik 17 foizdan 14 foizga tushirdi, deb xabar qilmoqda regulyator matbuot xizmati.
"Rossiya iqtisodiyoti uchun tashqi sharoitlar og‘irligicha qolmoqda va iqtisodiy faollikni sezilarli darajada cheklab qo‘ymoqda. Shu bilan birga, narx va moliyaviy barqarorlik uchun xavflar o‘sishni to‘xtatdi, bu esa asosiy stavkaning pasayishi uchun sharoit yaratdi", deyiladi xabarda.
Shunday qilib, Markaziy bank tomonidan qayd etilganidek, oxirgi haftalik ma’lumotlar rublning mustahkamlanishi va iste’molchi faolligining sovishi tufayli inflyatsiyaning sekinlashuvidan dalolat beradi.
Import o‘rnini bosish samaradorligi, shuningdek, tayyor mahsulotlar, xomashyo va butlovchi qismlar importining tiklanish ko‘lami va tezligi kabi ko‘rsatkichlar narxlarning keyingi dinamikasi uchun muhim ko‘rsatkichlar bo‘ldi.
Regulyatorning prognoziga ko‘ra, 2022-yilda yillik inflyatsiya darajasi 18-23 foiz oralig‘ida bo‘ladi, 2023-yilda u 5-7 foizgacha pasayadi va 2024-yilda 4% ko‘rsatkichiga qaytadi.
Ma’lumot uchun, biroz oldin Hisob palatasi rahbari Aleksey Kudrin 2022-yilda Rossiyada inflyatsiya bazaviy prognozga ko‘ra 20,7 foizni, kelgusi yilda esa 6 foizdan ko‘proqni tashkil etishini aytgan edi.
Rossiya Ukrainadagi harbiy amaliyoti boshlanganidan so‘ng G‘arb Moskvaga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirdi. Cheklov choralari, birinchi navbatda, bank sektori va yuqori texnologiyali mahsulotlar yetkazib berishga qaratilgan. Ko‘pgina davlatlar Rossiya aktivlari muzlatilishini e’lon qildi. Kreml bu choralarni misli ko‘rilmagan iqtisodiy urush deb atadi. Lekin voqealarning bunday rivojlanishiga tayyor ekanini ta’kidladi.
Rossiya banki valyuta bozoridagi vaziyatni barqarorlashtirish choralarini ko‘rdi; do‘stona bo‘lmagan mamlakatlarga gaz etkazib berish uchun to‘lovlar rublga aylantirildi. Bundan tashqari, hukumat biznesni qo‘llab-quvvatlash rejasini tayyorladi, uni moliyalashtirish miqdori taxminan bir trillion rublni tashkil qilishi kutilmoqda.