TOShKENT, 29 apr — Sputnik. O‘zbekistonda Ramazon hayiti bayrami munosabati bilan ichki sayohatga katta chegirmalar e’lon qilindi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan bayram munosabati bilan 2022-yil 2-maydan 4-maygacha amalga oshiriladigan mahalliy aviaqatnovlarning barcha tariflariga 50 foiz chegirma joriy qilingan.
Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan Ramazon Hayiti bayrami arafasida yo‘lovchilarga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida, 3-4-5 may kunlari, Samarqand – Toshkent – Samarqand yo‘nalishida 767/768-sonli yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdining qo‘shimcha qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tasarrufidagi pullik kirish chiptalari joriy qilingan madaniy meros obyektlari (ziyoratgoh va qadamjolar)da 30-aprel hamda 1-2-3-4 may sanalarida mamlakat fuqarolari uchun kirish chiptalar narxiga kattalar uchun 20 foiz hamda yoshlar uchun 50 foiz chegirmalar joriy qilingan.
Shu bilan birga, Ramazon hayiti munosabati bilan Uzbekistan Airways 2-maydan 5-maygacha Termiz, Nukus, Buxoro, Urganch va Andijonga qo‘shimcha aviaqatnovlarni amalga oshiradi.