TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Termitlarning dunyo miqyosida har yili keltiradigan zarari 40 milliard AQSh dollarini tashkil qilmoqda. Bu haqda Zoologiya instituti direktori Baxtiyor Xolmatov AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
O‘zbekistonda termitlar aholi turar joylari, tarixiy-madaniy obidalar, ijtimoiy soha obyektlari va inshootlardagi yog‘och-taxta qurilish materiallariga zarar keltirmoqda. O‘tkazilgan monitoring natijasida quyidagi holatlar aniqlangan:
Aholi turar joylarida – 18 958 ta holat;
Madaniy-tarixiy obidalarda – 46 ta holat;
Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarda-15 ta holat;
Ijtimoiy soha obyektlarida – 98 ta holat;
Dala va cho‘l zonalari, qabristonlar va boshqa ochiq joylarda – 1082 ta maydonlar termitlarning mavjudligi aniqilangan.
Bunda, Qoraqalpog‘iston respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy, Samarqand viloyatlari termitlar tomonidan kuchli zararlangan hududlar hisoblanadi.
Eng achinarlisi - termitlar o‘zbek xalqining bir necha asrlardan beri avloddan avlodga o‘tib kelayotgan noyob xalq amaliy san’ati durdonalari hisoblangan yog‘och o‘ymakorligi namunalariga ham jiddiy zarar yetkazmoqda va hatto favqulodda holatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda, - deydi olim
Ma’lumot uchun, dunyoda termitlarning 3000 ga yaqin turi mavjud bo‘lib, ular qir chumolilar yoki oq chumolilar (Isoptera) deb ham ataladi. Ular asosan, tropik va subtropik mamlakatlarda tarqalgan va chumolilarga o‘xshab jamoa bo‘lib uyalarda yashaydi. O‘zbekistonda termitlarning 2 turi Turkiston termiti Anacanthotermes turkestanicus Jacobs., 1904 hamda katta Kaspiy orti termiti Anacanthotermes ahngerianus Jacobs., 1904 turlari respublikamizning deyarli barcha viloyat hududlarida uchraydi.