Rossiya brendi O‘zbekiston poyabzallarini import qilishga qiziqmoqda

O‘zbekistonga charm-poyabzal sohasidagi rossiyalik dizayner va texnologlar jalb etilishi kutilmoqda
Sputnik
TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Rossiya brendi O‘zbekistondagi korxonalardan uchta segmentdagi charm-poyabzal mahsulotlarini xarid qiladi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi xabar bermoqda.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi rossiyalik dizayner va texnologlarni jalb etish hamda charm-poyabzal sohasida ikki tomonlama aloqalar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida Rossiya yengil sanoat va o‘rmon xo‘jaligi sanoati kompleksi departamenti delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashdi.
Tomonlar hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatda ishlab chiqarilgan poyabzallar eksportining Rossiya bozoridagi ko‘lamini kengaytirishga kelishib olishdi.
Muzokaralar davomida, ayollar liboslarini yaratib kelayotgan “SOL” brendi o‘zbek korxonalari bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi. Ushbu brend hozirda Xitoy bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Aytilishicha, ushbu brend O‘zbekistondagi korxonalardan dastlab lyuks toifasidagi poyabzallarni xarid qiladi. Hozirgi bosqichda har bir o‘lchamdan 100 donadan sotib olish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, sport va bolalar poyabzallari xaridini ham amalga oshirish bo‘yicha manfaatli takliflar ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq "O‘zcharmsanoat" Rossiyaning "Avanti" MChJ kompaniyasi rahbariyati bilan O‘zbekiston korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Rossiyaga eksport qilish masalasini muhokama qilgan edi. Unda poyabzal ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekistonda qo‘shma korxona tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.