MDHda rus tilini targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro tashkilot tashkil etilishi mumkin

Bunday tuzilmani yaratish muhimligi haqida Qozog‘iston rahbari Qasim-Jomart Toqayev 2021-yil dekabrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda aytib o‘tgan edi.
Sputnik
TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida rus tilini qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzish taklif etilmoqda.
Bu tashabbus 27-aprel kuni O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda muhokama qilindi.
Bunday tuzilmani yaratish muhimligi haqida Qozog‘iston rahbari Qasim-Jomart Toqayev 2021-yil dekabrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda aytib o‘tgan edi.
“Ushbu loyiha MDHdagi hamkorlar tomonidan qiziqish bilan kutib olindi. Xususan, Rossiya Qozog‘iston tomonining tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan holda, rus tilini targ‘ib qilish va rivojlantirish bo‘yicha yaratilayotgan xalqaro tuzilma o‘z tamoyillarini baham ko‘radigan, rus tilidan foydalanadigan xalq va jamiyatlarni birlashtiruvchi barcha davlatlar uchun tayanch platformaga aylanishi mumkinligi ta’kidlandi. Manfaatdor tomonlar bilan birgalikda bunday xalqaro tuzilmani yaratish usullarini ishlab chiqishga tayyormiz”, – dedi Hamdo‘stlik Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Ijrochi kotibi Beketjon Jumaxanov.
Bu masala ekspert guruhining iyun oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdagi yig‘ilishida davom ettiriladi.
"Xush kelibsiz!" Moskvadagi birinchi o‘zbek tili markazi - video
Avvalroq, Rossiya prezidenti Vladimir Putin MDH mamlakatlarida rus tilini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash darajasi yetarli emasligi, shu bois bu sohada qo‘shimcha choralar ko‘rish kerakligini aytgan edi.
“Biz ushbu mamlakatlarda rus tilini rivojlantirishga, rus tilini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlashga munosib e’tibor qaratishimiz lozim. Bugungi ishimizdan ko‘ra ko‘proq narsani qilish mumkin va qilish kerak”, - degan edi Putin.