Fuqaroviy qurolga oid qonunlar o‘zgartiriladi - Senat

O‘zbekiston fuqarolarining fuqaroviy ov qurolini va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘lish uchun yosh senzi 25 yosh etib belgilanmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 28 apr — Sputnik. O‘zbekistonning Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilmoqda. O‘zbekiston Senati bugungi majlisda qurolga oid ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni muhokama qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, qurol va uning o‘q-dorilari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish funksiyalari Milliy gvardiyadan Ichki ishlar organlariga o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, amaldagi 2 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartishlar kiritish taklif etilmoqda:
o‘qotar bo‘lmagan qurol bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarliklar nazarda tutilmoqda;
O‘zbekiston fuqarolarining fuqaroviy ov qurolini va uning o‘q-dorilarini olish huquqiga ega bo‘lish uchun yosh senzi 25 yosh etib belgilanmoqda (amaldagi qonunchilikda yigirma bir yosh);
fuqaroviy qurol va uning o‘q-dorilarini hadya etilishini taqiqlash nazarda tutilmoqda.
Yangi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston qonunchiligida so‘nggi bor qurollar to‘g‘risida o‘zgarish 2020-yilda kiritilgan edi. O‘shanda Jinoyat kodeksining 104 va 105-moddalarining ikkinchi qismidagi bandlar hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 14, 245, 287-moddalari to‘ldirilib, kodeksga yangi 185-2 va 185-3-moddalari qo‘shilgan edi.
Ushbu o‘zgarishlar fuqarolar tomonidan jamoat joylarida, shahar, shahar atrofiga qatnovchi, shaharlararo va xalqaro transportda kasbiy yoki sport faoliyati yoxud maishiy maqsadlarda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ochiq holda (g‘ilofsiz) olib yurish uchun jazo choralari belgilangan edi.
O‘zbekiston Respublikasining Qurol to‘g‘risidagi qonuni 2019-yilning 27-iyulida imzolangan edi. Unda ilk bora fuqaroviy, xizmat va jangovar qurol tushunchalari kiritilib, qonun jihatidan ularning asosiy farqlari belgilab qo‘yilgan edi.