Abdulaziz Kamilov tashqi ishlar vaziri lavozimidan ozod qilindi

TIV rahbarining vazifalarini bajarish Vladimir Norov zimmasiga yuklatildi.
Sputnik
TOShKENT, 28 apr — Sputnik. 2012-yildan beri O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimini egallab kelayotgan Abdulaziz Kamilov lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.
Prezident matbuot kotibi xabariga ko‘ra, Vladimir Norov tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi va uning zimmasiga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarish yuklatildi.
Vladimir Norov
Abdulaziz Kamilov esa prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
29 mart kuni Tashqi ishlar vazirligi Abdulaziz Kamilov davolanish uchun xorijga jo‘nab ketganini ma’lum qilgan edi.
1994-2003 yillarda ham O‘zbekiston TIVni boshqargan Abdulaziz Kamilov 2003-2010 yillarda O‘zbekistonning AQShdagi elchisi bo‘lgan, 2010-2012 yillarda O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari sifatida ishlagan, 2012-yildan yana tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Vladimir Norov 1955-yilda Buxoroda tug‘ilgan. Buxoro pedagogika institutini bitirgan. U 2017—2019 yillarda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori lavozimida ishlagan.
U 2006-2010 yillarda tashqi ishlar vaziri, keyin prezidentning davlat maslahatchisi, O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi va boshqa lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.
2019-2021 yillarda Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi lavozimini egallagan. 2021-yil dekabrida O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.