TOShKENT, 27 apr — Sputnik. Qozog‘istonda sobiq davlat rahbari Nursulton Nazarboyevga qator imtiyoz va vakolatlar beruvchi Qozog‘istonning birinchi prezidenti – Elboshi (millat yetakchisi) to‘g‘risidagi qonunni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda parlament majlisi (quyi palatasi) spikeri Yerlan Koshanov ma’lum qildi.
“O‘zgartirishlar (konstitutsiyaga - tahr.) Elboshi maqomini istisno qiladi. Nazarboyevning davlat asoschisi sifatidagi roli konstitutsiyada qoladi. Ushbu norma qabul qilinganidan keyin birinchi prezident to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun ham o‘z kuchini yo‘qotadi”, - deydi Koshanov parlament yig‘ilishida jurnalistlarga.
Majlis spikeri konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar endi Konstitutsiyaviy kengashda ekanligini tushuntirdi.
“Konstitutsiyada sobiq prezidentlar to‘g‘risida norma bor, bu qoida saqlanib qolgan va mamlakatning birinchi prezidentiga nisbatan qo‘llaniladi”, -deydi u.
Shuningdek, palata spikeri referendum o‘tkazilishi yoki konstitutsiyaga o‘zgartirishlar parlament tomonidan qabul qilinishi borasida hozircha aniq qaror yo‘qligini ta’kidladi.
Yerlan Koshanovning aniqlik kiritishicha, Nursulton Nazarboyev sobiq prezidentlar to‘g‘risidagi qonun doirasida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, pensiya oladi, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qiladi.
“Birinchi prezident va uning eng yaqin oila a’zolari jinoiy javobgarlikka tortilmaydi, degan norma chiqarib tashlanadi”, - dedi Koshanov.
Avvalroq, Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning yangi - mustaqil Qozog‘iston asoschisi maqomi berilishi va bu Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilishi xabar qilingan edi.