TOShKENT, 27 apr — Sputnik. “Respublikada go‘sht, jun va sut yo‘nalishidagi mayda shoxli mollarni ko‘paytirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, ipak qurti urug‘i, tut ko‘chatlari va pilla yetishtirish, pillani qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda qorako‘lchilik bilan shug‘ullanayotgan subyektlar, qorako‘lchilik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari va qorako‘lchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun ko‘zda tutilgan soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi.
Shu bilan birga Qorako‘lchilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasiga 4 foizlik bank marjasini qo‘shish orqali hisoblanadigan stavka bo‘yicha ajratiladi.
kreditlar quyidagi shartlarda beriladi:
- tadbirkorlarga xorijdan go‘sht, jun va sut yo‘nalishidagi qo‘y va echkilar xarid qilish uchun – 5-yil muddatgacha, shu jumladan 3-yillik imtiyozli davr bilan;
- tadbirkorlarga ularning ozuqa sexlari (granulyator)ni, go‘sht, jun va sut mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etish bo‘yicha loyihalarini moliyalashtirish uchun – 10-yil muddatgacha, shu jumladan 3-yillik imtiyozli davr bilan;
- xo‘jalik yurituvchi subyektlarga yaylovlarda chorva mollarining suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun suv chiqarish (quduqlar burg‘ilash yoki mukammal ta’mirlash) va suv inshootiga resurs tejamkor uskunalar o‘rnatish uchun – 5-yil muddatgacha, shu jumladan 3-yillik imtiyozli davr bilan.