O‘ttizinchi aprel kuni umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi

Hashar Mahalla obodligi — yurt farovonligi" shiori ostida bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 27 apr — Sputnik. O‘zbekistonda 30-aprel kuni umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi.
Hashar Mahalla obodligi — yurt farovonligi" shiori ostida bo‘lib o‘tadi. Undan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsad qiltingan.
O‘zbekiston "Mahalla" xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash Nuroniy jamg‘armasi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, keng jamoatchilik ushbu hashar g‘oyasining tashabbuskori hisoblanadi.
Hashar davomida mahallalar, aholi turar joylari, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, mo‘’tabar maskanlar, bolalar maydonchalari tartibga keltiriladi. Obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari yanada faol olib boriladi. Umumxalq xayriya hashari doirasida aholining ehtiyojmand qatlamlari yanada faol qo‘llab-quvvatlanadi.
Hashar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ehtiyojmand, ko‘makka muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning uy-joylarini yaxshilash va moddiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bundan avvalgi umumxalq xayriya hashari 2021-yil 21-avgust kuni o‘tkazilgan edi.