O‘tgan yili 87 foiz oilada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgan

Xotin-qizlardan kelib tushgan murojaatlar natijasida, ularning barchasiga himoya orderlari rasmiylashtirib berilgan.
Sputnik
TOShKENT, 27 apr — Sputnik. O‘tgan yil davomida ichki ishlar organlariga xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlar yuzasidan 39 343 ta murojaat kelib tushgan. Bu haqda IIV, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Bosh prokuratura vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Aytilishicha, xotin-qizlardan kelib tushgan murojaatlar natijasida, ularning barchasiga himoya orderlari rasmiylashtirib berilgan.
Himoya orderlarining 378 tasi voyaga yetmagan, 9861 tasi yoshlar (18−30 yosh), 29104 tasi 30 yoshdan katta xotin-qizlarga berilgan. Shuningdek, 26667 tasi turmush o‘rtoqlari, 1559 tasi qaynionalar, 1128 tasi kelinlar hamda 9989 tasi boshqa shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan.
Xotin-qizlarga nisbatan qayd etilgan zo‘ravonlik holatlarining 87 foizi (34 330 ta) oilada sodir etilgan. Murojaatlarni o‘rganishda 106 ta jinsiy, 234 ta iqtisodiy, 18 777 ta ruhiy, 13 658 ta jismoniy zo‘ravonlik hamda 7174 ta tazyiq holatlar aniqlangan.
Qo‘llanilgan himoya orderlari natijasi:
yarashtirilgan oila soni -20 769 ta
bartaraf etilgan nizolar soni -15 142 ta
ajrashgan oilalar soni -921 ta
bartaraf etilmagan nizolar soni-2 222 ta
O‘tgan yil davomida tegishli mutasaddi idoralari bilan hamkorlikda 667 mingga yaqin xonadonlarga uyma-uy kirilib, oiladagi ijtimoiy-ma’naviy muhit o‘rganilgan Natijada xotin-qizlarga ishga joylashish, moddiy va ijtimoiy holatini yaxshilash, davolanish hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordamlar ko‘rsatilgan.
Shuningdek, profilaktik hisobda turgan 505nafar qiz ta’lim muassalariga jalb etildi. 328nafar og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari”ga joylashtirildi.
Hamkorlikda amalga oshirilgan tadbirlar natijasida, 17 296 nafar xotin-qizlar ichki ishlar organlari hisobidan chiqarildi.
Ayollarga "gap otish" va ta’qib qilish uchun javobgarlik belgilanadi
Ta’kidlanishicha, shu yilning1-choragi davomida ishonch telefonlariga jami 3 444 ta qo‘ng‘iroq kelib tushgan. Shundan ”1259” qisqa raqamiga oilaviy zo‘ravonlik va tazyiq holatlari va boshqa masalalar bo‘yicha 2457 ta xabar qayd etilgan.