Shimoliy Koreya o‘z yadroviy kuchlarini mustahkamlashda davom etadi

Shimoliy Koreya yetakchisi Koreya Xalq Demokratik Respublikasi harbiy mojaro boshlashga uringan har qanday kuchni yo‘q qilishini aytdi.
Sputnik
TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Shimoliy Koreya o‘z yadroviy kuchlarini maksimal tezlikda mustahkamlashda davom etadi, dedi mamlakat yetakchisi Kim Chen In dushanba kuni Koreya Xalq armiyasi tashkil etilishi munosabati bilan o‘tkazilgan paradda. Bu haqda Shimoliy Koreya markaziy telegraf agentligiga (STAK) tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Biz KXDR egallab turgan yadroviy kuchlarni maksimal tezlikda yanada rivojlantirish va mustahkamlash choralarini ko‘ramiz”, - dedi Kim.
Shimoliy Koreya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat yadro qurolining to‘xtatuvchi kuchidan foydalanishga har qanday vaqtda tayyor turishga harakat qilmoqda.
“Jumladan, harbiy qudratimiz ramzi va asosi bo‘lgan yadroviy kuchlarni harbiy to‘qnashuv yuz berganda turli maqsadlardagi turli operatsiyalarda qurol sifatida foydalanish va yadroviy qurolni amalga oshirish qobiliyatini ko‘rsatish uchun yadroviy kuchlarni miqdoriy va sifat jihatidan mustahkamlash zarur”, - deb tushuntirdi Shimoliy Koreya rahbari.
Kim Chen Inning ta’kidlashicha, yadro qurolining asosiy vazifasi urushning oldini olish bo‘lishiga qaramay, ularning maqsadini shu bilan cheklab bo‘lmaydi.
Shimoliy Koreya yetakchisi o‘z nutqi davomida Koreya Xalq Demokratik Respublikasi harbiy mojaro boshlashga uringan har qanday kuchni yo‘q qilishini aytdi.
“Hozir harbiy kuchlarimiz har qanday jangga tayyor. Agar qandaydir kuch bizning asosiy manfaatlarimizga tajovuz qilsa, yadroviy kuchlarimizning ikkinchi kutilmagan funksiyasidan foydalanmaslikning iloji bo‘lmaydi”, degan Kim Chen In.
Ma’lumot uchun, 25-aprel kuni taxminan soat 22:00 larda Pxenyandagi Kim Ir Sen maydonida harbiy parad bo‘lib o‘tgan. Janubiy Koreya matbuoti Pxenyan 20 mingga yaqin askar va texnikani safarbar qilgani haqida xabar bergan.
Parad mashg‘ulotlarida 250 dan ortiq texnikalar, jumladan, “Xvason-8” gipertovushli raketasi, yaqinda Pxenyan tomonidan sinovdan o‘tkazilgan “Xvason-17” qit’alararo ballistik raketasi va suv osti kemasidan uchiriladigan ballistik raketa ishtirok etgan.