TOShKENT, 26-aprel — Sputnik. Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutiga Rossiya Fanlar akademiyasi Geofizika markazi vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar bermoqda.
Ushbu tashrif 2019-yilda ilmiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama imzolangan kelishuv asosida amalga oshirildi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari ishtirokida elektromagnetizm sohasiga oid ilmiy seminar tashkil etildi. Shuningdek, “Yangibozor” magnit-ionosfera observatoriyasi ko‘zdan kechirildi.
“Delegatsiya a’zolari bilan birgalikda “Yangibozor” magnit-ionosfera observatoriyasida doimiy kuzatuv ishlarini olib borish maqsadida zamonaviy magnitometrlar o‘rnatiladigan joylar dala kuzatuv ishlari asosida tekshiruvdan o‘tkazildi”, - deyiladi xabarda.
Mutaxassislar ishtirokida uskunalar o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan pavilonlar tanlandi. Ta’kidlanishicha ushbu yo‘nalishda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar rejasi tuzib olindi.
Shu bilan birga, hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama kelishuvga binoan kelgusida institut va markaz o‘rtasida ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, Seysmologiya instituti Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Xitoy, Turkiya, AQSh davlatlari, shuningdek, Rossiya Fanlar akademiyasining Bishkekdagi ilmiy stansiyasi va O.Yu.Shmidt nomidagi Yer fizikasi instituti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.