TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Moliya vazirligi huzuridagi O‘quv markazi hamda Rossiyaning “Oliy iqtisodiyot maktabi” Milliy tadqiqot universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bitimi imzolandi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.
Rossiyaning “Oliy iqtisodiyot maktabi” Milliy tadqiqot universiteti (Perm kampusi) direktori Galina Volodina va direktor o‘rinbosari Yelena Shadrina moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova bilan uchrashdi.
Uchrashuv doirasida Moliya vazirligi tizimi mutaxassislarining malakasini oshirish, qayta tayyorlash va bu orqali ularning salohiyatini oshirishga qaratilgan o‘zaro hamkorlik bitimi imzolandi.
Bitim doirasida tomonlar moliya va davlat xaridlari sohasida malaka oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini ishlab chiqadilar. Tajriba almashish va mutaxassislar stajirovkasini tashkil etish, o‘zaro hamkorlikdagi ta’lim va tadqiqot dasturlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, birgalikda konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.
“Mazkur hujjatning imzolanishi moliya va davlat xaridlari sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi”, - deyiladi xabarda.