Lazgining 90 ming nidosi: raqsga oid qiziqarli ma’lumotlar

Lazgi raqsida qora libos bo‘lmaydi, lezginka ildizlari lazgidan boshlangan – batafsil maqolada.
Sputnik
TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Xorazm lazgisi uch ming yillik tarixga ega. Filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi dotsenti Hulkar Hamroyeva Sputnik muxbiriga bu raqs tarixi va unga oid qiziqarli ma’lumotlarni so‘zlab berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, lazgi raqsi xuddi olmosga o‘xshaydi. Unga qaysi tomondan qaramang, yangi qirralari ochilaveradi.
“Yarim bukilgan oyoqlar, silkinayotgan yelka va qo‘llar - bu afsonaviy Lazgi raqsining asosiy harakatlari hisoblanadi. “Lazgi” so‘zi “titrash” degan ma’noni anglatadi. Lazgining 9 ta turi mavjud bo‘lib, ular “Masxaraboz”, “Qayroq”, “Surnay”, “Dutor”, “Saroy-bazm”, “Garmon”, “Changak” va “Xiva” deb ataladi. Bu turlarni insoniyat, uning o‘tmishi va qadim tuprog‘iga guvoh 90 ming nidosi deb bilaman”, - deydi Hulkar Hamroyeva.
1960 yilda O‘zbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov Komil Xorazmiy g‘azali bilan Lazgi kuyiga so‘z bog‘lagan. Bu bilan lazgining 9 turi “Yallali lazgi” paydo bo‘ldi.
“Komiljon Otaniyozov raqqosalardan, albatta, qo‘shiqning so‘zini yod olishni va bir harakatni ikki marotaba takrorlamaslikni talab qilgan”, - deydi Hulkar Hamroyeva
Hamroyevaning so‘zlariga ko‘ra, Xorazm raqs maktabida eng muhim 19 ta raqs harakati bor. Bular lazgi raqs turkumining asosini tashkil qiladi. Xorazm raqs maktabida qo‘llaniladigan qarsak, qayroq kabi harakatlar boshqa raqs maktablarida uchramaydi.

Lazgida qora libos bo‘lmadi

Lazgiga raqs tushayotgan ayollar asosan yorqin ranglar kiyadilar. Misol uchun, yoshi katta ayollar “Dutor” lazgisida raqs tushishgan. Ularning boshlarida lachak bo‘lgan. Yosh qizlarning boshlariga esa pat qadalgan. Ularning kiyimlari asosan tangalar bilan bezatiladi. Erkaklar boshlariga cho‘girma kiyib o‘ynashadi. “Surnay” lazgisi asosan erkaklar raqsi bo‘lib, Xorazmshohlar davrida qahramonlik raqsi deb ham atalgan.

Lazgiga o‘xshash raqs yana qayerda bor?

Davlat xoreografiya akademiyasi dotsenti Xorazm raqsiga o‘xshash raqslardan biri bu lezginka raqsi ekanini ma’lum qildi. Bu Xorazmshohlarni Kavkaz tomonlarga yurishlari bilan bog‘liq. Lezginka ildizlari lazgidan boshlangan deb aniq ayta olish mumkin.
“E’tibor bersangiz, lazgida odamni kayfiyatini ko‘taradigan holat va jo‘shqinlik bor. Bundan tashqari raqs aynan Avesto davri bilan bog‘liq. Shuning uchun ham “Lazgi” O‘zbekiston madaniy merosining elementi sifatida Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan” – deya ta’kidladi Hamrayeva.
Gavhar Matoqubova, Tamaraxonim, Mukarrama Turg‘unboyeva kabi san’at ustalari Xorazm xalq raqslarini mukammallikka olib kelishgan. Gavhar Matoqubova tomonidan xorazm raqslari aynan milliy qadriyatlar, etnografiya bilan bog‘lab tahlil qilingani nafaqat o‘zbek, balki jahon xoreografiya san’atida ham noyob hodisa hisoblanadi. Xorazm raqsi haqida “Ofatijon lazgi”, “Lazgi monografisi”, yaqinda o‘zbek va ingliz tillarida nashr etilgan “Xorazm Lazgi raqsi tarixi va tavfsifi” kabi kitoblarda batafsil ma’lumotlar keltirilgan.

“Lazgi” xalqaro raqs festivali

25-30 aprel kunlari Xorazm viloyatining Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivali bo‘lib o‘tadi.
Festivalda 30 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etadi. Kuni kecha tadbirda ishtirok etish maqsadida turli Buyuk Britaniya, Rossiya, Turkiya, Bolgariya, Eron, Ozarbayjon, Tojikiston delegatsiyalaridan iborat raqs ansambli vakillari va mutaxassislar Toshkentga yetib kelishdi.
Mehmonlarning fikricha, ushbu festival o‘zbek raqslari haqida ko‘proq ma’lumot olishga va mamlakatlarning raqs san’atini namoyish qilishga katta imkon beradi. Mutaxassislar o‘z repertuarlariga o‘zbek raqslarini qo‘shishni reja qilmoqda.
Festival doirasida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ham bo‘lib o‘tadi. Unda Moskvadagi O‘zbek tili va madaniyati markazi direktori Rossiyada Xorazm lazgi raqsi targ‘iboti nomli maruzasi bilan ( onlayn) ishtirok etadi. Aytish joizki, hozir Moskvada o‘zbek raqsini o‘rganayotgan “Feruz” va “Sanata” guruhlari bor. Ular bilan O‘zbekiston Davlat Xoreografiya akademiyasi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgan.