TOShKENT, 25 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-may kuni Qirg‘izistonga tashrif buyuradi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ma’lum qildi.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, 27-may kuni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo davlatlar rahbarlari Qirg‘izistondagi sammitda ishtirok etish uchun kelishadi.
“Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 26-may kuni Qirg‘izistonga tashrif buyuradi. Shu kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyuradi. 27-may kuni YeOIIga a’zo barcha davlatlar prezidentlari kelishadi”, - dedi Qirg‘iziston rahbari "Kabar" nashriga bergan intervyusida.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev may oyida Qirg‘izistonga javob tashrifini amalga oshirishi ma’lum bo‘lgan edi.
YeOII davlat rahbarlarining navbatdagi kengashi Issiqko‘lda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Sammit doirasida “katta iqtisodiy forum” o‘tkaziladi.
O‘zbekiston 2020-yil dekabr oyida YeOIIda kuzatuvchi davlat maqomini olgan edi. Ittifoq 2014-yilda Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Bu ittifoqqa 2015-yilda Armaniston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lgan, Moldova va Kuba kuzatuvchi maqomiga ega.
YeOIIning maqsadi — a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini yuksaltirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiyani rivojlantirishdan iborat.