TOShKENT, 25 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni ushbu mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida g‘alaba qozongani bilan tabrikladi.
“Aminmanki, davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonch ruhidagi uzoq muddatli hamkorlik munosabatlari birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz va intilishlarimiz orqali xalqlarimiz farovonligi yo‘lida izchil rivojlanib boraveradi", deyiladi, jumladan, davlati rahbarining maktubida.
Fransiyada 24-aprel kuni prezident saylovining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Amaldagi prezident Emmanuel Makron saylovchilarning 58,54 foiz ovozi bilan g‘alaba qozongan.
Fransiya prezidenti saylovida saylovchilarning 63,23 foizi qatnashgan. Mamlakat Konstitutsiyaviy sudi raisi saylov yakunlari natijalarini 27-aprel kuni rasman e’lon qiladi.