TOShKENT, 24 apr — Sputnik. Sherzod Kudbiyev Fiskal institut rektori etib tayinlandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegram kanalida xabar berildi.
“Hukumat qarori bilan Sherzod Davlyatovich Kudbiyevga Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institut rektori vazifasini bajarish ham yuklandi”, - deyilgan xabarda.
Sherzod Kudbiyev 2020-yilning may oyidan buyon Soliq qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelmoqda.
Kudbiyev 1981-yilda tug‘ilgan, Farg‘ona politexnika institutini bitirgan. Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi bo‘lgan. 2015−2016 yillarda Vazirlar Mahkamasi Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamenti mudiri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
U 2018-yil aprel oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri etib tayinlangan, 2019-yilning avgust oyidan O‘zbekiston prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi va 2019-yili yangi tashkil etilgan prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining direktori lavozimida mehnat qilgan.