Peterburgda bir guruh o‘zbekistonlik talabalar minnatdorlik yorliqlari bilan taqdirlandi

Talabalar Sankt-Peterburg shahri va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlanishgan.
Sputnik
TOShKENT, 24 apr — Sputnik. Sankt-Peterburg shahridagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan bir guruh o‘zbekistonlik talabalarni mazkur shahar Tashqi aloqalar qo‘mitasi minnatdorlik yorliqlari bilan taqdirladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Mamlakat Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, Sankt-Peterburg shahar hukumati binosida minnatdorlik yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tgan. Tashakkurnomalarni Sankt-Peterburg shahar tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Yevgeniy Grigoryev tantanali tarzda topshirgan.
Qayd etilishicha, minnatdorlik yorliqlari Sankt-Peterburg davlat universiteti talabalari Sarvarbek Mamajonov, Shokir Bobojonov , Sankt-Peterburg davlat o‘rmon ho‘jaligi universiteti talabasi Temur Yusupov va Gersen nomidagi Sankt-Peterburg davlat pedagogika universiteti talabasi Alisher Tursunpo‘latovga Sankt-Peterburg shahri va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi va ilmiy tadqiqot sohalarida o‘tkazilgan forum hamda konferensiyalarda faol ishtiroki uchun taqdim etilgan.
Yevgeniy Grigoryev talabalarga Sankt-Peterburg va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni munosib davom ettirayotganligi uchun minnatdorlik bildirgan.
Rossiya OTMlarida o‘zbekistonlik talabalar soni yil sayin oshib bormoqda. Xususan 2019-yilda 32 ming nafar talaba tahsil olgan bo‘lsa, 2022-yilda ularning soni 48 ming nafardan oshgan.
Oxirgi uch yilda O‘zbekistonda Rossiya oliy o‘quv yurtlarining filiallari soni 4 tadan 14 taga ko‘paydi. Yana 9 tasi ochilish arafasida turibdi.