TOShKENT, 23 apr - Sputnik. Samarqand davlat tibbiyot universitetida 22-aprel kuni xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi, deb xabar qilmoqda OTM.
"Sog‘liqni saqlashda innovatsion texnologiyalar: ichki tibbiyot uchun yangi imkoniyatlar" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada Rossiya, Belarus, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Gruziya va O‘zbekistonning yetakchi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tekshirish markazlari rahbarlari hamda olimlari ishtirok etmoqda.
Anjuman tibbiyot sohasini rivojlantirish, fundamental va klinik fanlarni o‘qitish sifatini yanada oshirish, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash hamda O‘zbekiston va boshqa davlatlar tibbiy oliygohlari, ilmiy tekshirish markazlari bilan aloqalarini mustahkamlashni maqsad qilgan.
Konferensiyaning yalpi majlisdan so‘ng xalqaro anjuman ishi 7ta sho‘’ba yig‘ilishlarida davom etiladi. Ushbu bo‘linmalarda - kardiologik kasalliklar diagnostikasi va davolashida innovatsion texnologiyalar, pulmonologiyaning dolzarb masalalari, gastroenterologiya, revmatologiya va nefrologiya, endokrinologiya va gematologiyaning dolzarb muammolari hamda yosh tadqiqotchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalariga bag‘ishlangan 120 dan ortiq ma’ruza va tegishli yo‘nalishlardagi yutuqlar muhokama qilinadi.
Ushbu anjuman taniqli shifokor, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘likni saqlash xodimi”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, 1-son klinikasi bosh shifokori lavozimida samarali mehnat qilgan Nurmamat Abdullayevich Abdullayev (1945-2017) xotirasiga bag‘ishlandi.
Tibbiy hamkorlik
Rossiya va O‘zbekiston orasida tibbiyot sohasida keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekistonning 9ta tibbiy oliygohi Rossiya OTMlari bilan bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura darajasida o‘nlab qo‘shma ta’lim dasturlari ochgan.
2020 yilda Rossiya ilmiy muassasalarida 300 ga yaqin o‘zbekistonlik mutaxassislar malaka oshirdi.
I.M. Sechenov nomidagi Birinchi Moskva davlat tibbiyot universiteti va TTA negizida universitetlararo hamkorlik markazi ochildi.
N.I.Pirogov nomidagi Rossiya MITTUning filialini O‘zbekistonda tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.