TOShKENT, 23 apr - Sputnik. Davlat xizmatlaridan foydalanishda Mobil-ID tizimi joriy etiladi. Bu haqida 20-aprel kuni imzolangan PF–113-sonli prezident qarorida aytib o‘tilgan.
2022 yil 1-avgustdan boshlab shaxsni aniqlash uchun quyidagi tizim joriy etiladi:
davlat xizmatlaridan foydalanishda mobil-ID tizimi joriy etiladi;
mobil-ID tizimi shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi;
shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash DXM yoki notarial idora tomonidan yoxud YaIDXP mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi;
bevosita Markazlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022-yil 31-dekabrgacha to‘lov undirilmasdan (bepul), 2023-yil 1-yanvardan BHMning 2 foizi (5400 so‘m) miqdorida bir martalik to‘lov undirilgan holda amalga oshiriladi;
Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qo‘llamagan holda barcha davlat xizmatlaridan (bundan moliyaviy xizmatlar mustasno) foydalanishi mumkin;
fuqaroning YaIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.
Yangi farmondan maqsad - davlat xizmatlarini ko‘rsatishda burokratizm, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni qisqartirishga, deyiladi qonun matnida.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlaridan talab qilinadigan 73 turdagi ma’lumotnomalar va hujjatlar - talabi bekor qilinadi. Ushbu ma’lumotlar “Elektron hukumat” tizimi orqali idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadi.