TOShKENT, 22 apr - Sputnik. To‘ra Bolbolov boshchiligidagi Surxondaryo viloyati delegatsiyasi Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda viloyat hokimligi matbuot hizmati.
Delegatsiyani Nukus xalqaro aeroportida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Murat Kamalov va Vazirlar Kengashi Raisi Qahramon Sariyev boshchiligida mas’ullar kutib oldi. Delegatsiya a’zolari ayni paytda Taxiatosh tumanida tashkil etilgan “Yoshlar bog‘i” faoliyati bilan tanishishdi.
Bugungi kunda Taxiatosh tumanida Surxon vohasi tadbirkorlari bank rahbarlari va mutasaddilardan iborat viloyat shtabi tuzilgan bo‘lib, mahalliy mutasaddilar bilan birga tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib bormoqda.
Surxondaryo viloyati delegatsiyasi Taxiatosh tumanida surxondaryolik ilg‘or tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklari ishtirokida tashkil etilgan ishlar va bo‘lajak loyihalar bilan tanishdi.
Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirishga amaliy yordam berish uchun ma’sul etib - Surxondaryo viloyati belgilangan edi. Mahalliy rahbarlar va mutaxassislar hamkorligida 2022-2024 yillarda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish rejasi ishlab chiqilgan.