O‘zbekiston Afg‘onistonda yuz bergan terrorchilik harakatlarini qoraladi

Terrorchilik harakatlari Kobul, Mozori-Sharif va Qunduz shaharlarida sodir etilgan
Sputnik
TOShKENT, 22 apr - Sputnik. Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonda yuz bergan terrorchilik harakatlarini qoraladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilgan.
Qayd etilishicha, tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘lgan zo‘ravonlik harakatlari Afg‘onistonda barqaror tinchlik va milliy totuvlik o‘rnatilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
O‘zbekiston muqaddas Ramazon oyi kunlarida Kobul, Mozori-Sharif va Qunduz shaharlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlarini qat’iy qoralaydi.
“O‘zbekiston tomoni halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi, shuningdek, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilaydi”, - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 20-aprel kuni Kobulning g‘arbiy tumanlaridan biridagi ta’lim muassasalari yaqinida kamida uchta portlash sodir bo‘ldi. Dastlabki portlash “Mumtoz” o‘quv markazi yaqinida, so‘ngra yana ikkita portlash Abdul Rahim Shahid o‘gil bolalar o‘rta maktabi yaqinida sodir bo‘lgan.
Afg‘oniston xavfsizlik va sog‘liqni saqlash rasmiylarining ma’lum qilishicha, portlashlar oqibatida kamida olti kishi halok bo‘lgan, 11 kishi yaralangan.