Ilk bor yosh bolaning umurtqa pog‘onasida murakkab operatsiya amalga oshirildi

Umurtqa pog‘onasining yon tomonga qiyshayishi bilan namoyon bo‘ladigan skolioz kasalligi o‘z vaqtida muolaja qilinmasa, ko‘plab og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Toshkentda ilk bor tug‘ma nuqsoni bo‘lgan uch yoshli qizaloqning umurtqa pog‘onasida noyob jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Muolaja 3 soat davom etdi. Unda umurtqa pog‘onasi skoliotik deformatsiyani korreksiyalash va endokorrektor-fiksatsiyalash amaliyoti o‘tkazildi. Jonlantirish bo‘limidagi bir kunlik intensiv muolajalardan so‘ng qizaloq reabilitatsiya bo‘limiga o‘tkazildi”, - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, hozir uning ahvoli qoniqarli. Og‘riq qoldiruvchi va umumiy quvvatlovchi muolajalar olmoqda. Bemor tezda oyoqqa turib, sog‘lom hayotga qaytadi.
Markaz direktori Murod Irismetovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston yosh bolada bunday murakkab operatsiya o‘tkazish amaliyoti Rossiya ilmiy tibbiyot muassasasi bilan hamkorlik natijasida yaqinda yo‘lga qo‘yilgan. Avvalari bunday operatsiya faqat bemor yoshi katta bo‘lganida o‘tkazilgan va salbiy oqibatlar va ikkilamchi o‘zgarishlarga olib kelgan.
"Umuman, endi markazimiz shifokorlari Moskva shahridagi N.N.Priorov nomidagi travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlik natijasida shunday amaliyotlarni mustaqil ravishda bajarishni o‘zlashtirdi", - deydi Irismetov.
Ma’lumot uchun, Rossiya va O‘zbekiston orasida tibbiyot sohasida keng ko‘lamli va chuqur hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Kadrlar tayyorlash masalasi ushbu hamkorlikning asosini tashkil qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xususan, O‘zbekistondagi 9ta tibbiy oliygoh Rossiya OTMlari bilan birgalikda bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura darajasida o‘nlab mutaxassisliklar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘ygan. 2020-yilda Rossiya ilmiy muassasalarida 300 ga yaqin o‘zbekistonlik tibbiyot mutaxassislar malakasini oshirishgan edi.
Undan tashqari, Toshkent tibbiyot akademiyasi negizida I.M. Sechenov nomidagi Birinchi Moskva davlat tibbiyot universiteti bilan universitetlararo hamkorlik markazi ochildi. N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitetining filialini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.