TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Test sinovlarida birovning o‘rniga kirgan yoki yonida turib yordam bergan pedagoglarning natijalari bekor qilindi. Bu haqda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xabar bermoqda.
25 martdan boshlab respublikaning 14 ta hududida pedagog kadrlar attestatsiyasining malaka (test) sinovlari o‘tkazilmoqda.
Xabarda aytilishicha, bu yilgi jarayonlar soddalashtirilgan tartibda bo‘lib o‘tmoqda. Unga ko‘ra, har bir pedagogga hujjatlarni bevosita elektron tarzda topshirish imkoniyati yaratilgan. Buning natijasida avvalgi yillarga qaraganda ko‘proq 280 ming nafar o‘qituvchi attestatsiyada ishtirok etish istagini bildirgan.
Mazkur pedagoglarning 70 foizi o‘z ixtiyori bilan attestatsiyada qatnashish uchun ariza topshirgan.
Test sinovlariga har bir talabgor milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari tomonidan tekshirib kiritilmoqda. Lekin, ayrim o‘qituvchilar o‘z o‘rniga boshqa shaxslarni kiritishi bilan bog‘liq qoidabuzarlik holatlari ham kuzatildi.
“Achinarlisi, bu jarayonlarga aksariyat hollarda oliy ta’lim muassasalari talabalari, yuqori sinf o‘quvchilari yoki repetitorlik bilan shug‘ullanuvchi soha vakillari ham jalb qilinyapti. Bugungi kunga qadar o‘rniga kirish bilan bog‘liq 200 dan ortiq holat aniqlandi. Ushbu holatlar bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirilib, ularning barchasi sinovlardan chetlashtirilgan”, - deyiladi xabarda.
Har bir hududda o‘tkazilayotgan attestatsiya jarayonlari kuzatuv kameralari yordamida qat’iy nazoratga olingan. Sinovlarni o‘tkazish vaqtida har bir kompyuterga maxsus dasturlar o‘rnatilib, markaziy serverda birma-bir ro‘yxatga olinadi.
Ta’lim inspeksiyasi matbuot kotibi Shavkat Xo‘jaqulovning Sputnik muxbiriga ma’lum qilishicha, 3600 nafar rus tili fani o‘qituvchisi shu yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan test sinovlariga jalb qilinmasdan eng yuqori ball olgan. Chunki ular kamida S1 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega. Sertifikat olmagan o‘qituvchining 9391 nafari esa test sinovlariga jalb qilingan.