AKT vaziri Microsoft'ga O‘zbekistonda ofis ochishni taklif qildi

“Toshkent IT-parki”da xorijiy IT kompaniyalar va IT-mutaxassislarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ofis ochish, ishga yollash xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Microsoft kompaniyasiga ofisini O‘zbekistonda ochishni taklif qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Sherzod Shermatov 18-aprel kuni Microsoft kompaniyasi vakillari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuv mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 14-aprel kuni O‘zbekistonni mintaqaviy IT-markazga aylantirish bo‘yicha bergan topshirig‘a asosan bo‘lib o‘tgan.
Yig‘ilishda Microsoft kompaniyasi, Amerika-O‘zbekiston Savdo Palatasi va O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi vakillari ishtirok etgan. Unda hamkorlikning dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilingan.
Bundan tashqari, IT yo‘nalishi bo‘yicha ta’limni rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratish, ushbu jarayonlarga ko‘proq yoshlarni jalb etish, malakali kadrlar tayyorlash masalalari ko‘rilgan.
Tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga tayyor ekanligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun oldin AKT vaziri Rossiyaning Yandeks.Taksi kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Toshkentdagi IT-parkda rezident maqomini olishni taklif qilgan edi.
“Toshkent IT-parki” biroz oldin ishga tushgan bo‘lib, u yerda xorijiy IT kompaniyalar va IT-mutaxassislarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ofis ochish, ishga yollash xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Maqsad - IT sohasiga xorijiy kompaniya va mutaxassislarni jalb qilish, ularning moslashish va ishga joylashishda yordam berish. IT-parki matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yil boshidan buyon 3000 dan ortiq xorijlik ushbu dasturdan foydalangan.