Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 500 mln dollar va 2 trln so‘m yo‘naltiriladi

Yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash vazifalari ijrosi hududlardagi iqtisodiyotga bog‘liqligi ta’kidlandi.
Sputnik
TOShKENT, 20 apr — Sputnik. O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 500 million dollar va 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan mahallabay ishlash tizimi natijadorligini oshirish va aholi bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Unda bu vazifalar ijrosi, ko‘p jihatdan, hududlardagi iqtisodiyotga bog‘liqligi alohida ta’kidlandi.

“Shu bois, yaqinda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 500 million dollar va 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi”, - deyilgan davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda tadbirkorlarni eng bezovta qilayotgan soliq ma’murchiligi, tekshiruvlar, ruxsatnomalar tartibi yengillashtirildi.
Yig‘ilishda shu ishlarni quyi tizimda tashkil etib, mahallalarni iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy muammolarni hal qilish chora-tadbirlari muhokama qilindi.