O‘zbekistonda dori vositalarining klinik tadqiqotlari o‘tkaziladi

Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish markazi tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 20 apr — Sputnik. O‘zbekistonda dori vositalarining klinik tadqiqotlarini o‘tkazish boshlanadi. Bu Hukumat qabul qilgan tegishli qarorda belgilangan.
Qarorga asosan Tashkent Farma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida davlat muassasasi shaklidagi Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish markazi tashkil etiladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi markazning muassisi hisoblanadi, deya yozadi norma.uz
Quyidagilar markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:
dori vositalarining klinik tadqiqotlarini xalqaro etik va ilmiy standartlar talablariga muvofiq tashkil etish;
respublika hududida klinik tadqiqotlarni rivojlantirish hamda klinik bazalarni jahon standartlari asosida modernizatsiya qilishni muvofiqlashtirish;
"Zarur klinika amaliyoti (GCP)" talablariga muvofiq dori vositalarining klinik tadqiqotlarini o‘tkazishni tashkil etish;
jenerik dori vositalarining original dori vositalariga farmakologik bioekvivalentligini aniqlash;
klinik tadqiqot subyektida dori vositalarining farmakokinetik tadqiqotlarini o‘tkazish;
tibbiyot xodimlarining klinik tadqiqotlar o‘tkazish sohasida malakasini oshirish;
Ko‘rsatilgan pulli xizmatlardan tushadigan mablag‘lar, xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
Hujjat 14-apreldan kuchga kirgan.