TOShKENT, 20 apr — Sputnik. “Hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini moliyalashtirish uchun banklarga 300 million dollar ekvivalentida kredit liniyasi ajratiladi.
Bunda kredit liniyasi tijorat banklariga 7-yil muddatga, shu jumladan, 3-yillik imtiyozli davr bilan yillik 10 foiz stavkada milliy valyutada ajratiladi;
Banklar kreditlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun yillik 14 foiz stavkada, 5-yilgacha muddatga, shu jumladan, 2-yilgacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 5 milliard so‘mgacha ajratadi.
Tadbirkorlarning faoliyat davri 6 oygacha bo‘lganda 1 milliard so‘mgacha, 6 oydan 1-yilgacha bo‘lganda 2 milliard so‘mgacha, 1-yildan 2-yilgacha bo‘lganda 3 milliard so‘mgacha, 2-yildan 3-yilgacha bo‘lganda 4 milliard so‘mgacha va 3-yildan oshganda 5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratiladi
Kredit liniyasi mablag‘larining kamida 70 foizi Nukus shahridan, viloyatlarning ma’muriy markazlaridan va viloyat bo‘ysunuvida bo‘lgan shaharlardan tashqari hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga ajratiladi.