Ibrohimxalil Yo‘ldoshev “Nijniy Novgorod” klubi bilan shartnomasini uzaytirdi

O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Rossiya klubi bilan uzoq muddatli shartnoma imzoladi.
Sputnik
TOShKENT, 20 apr — Sputnik. O‘zbekistonlik futbolchi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev “Nijniy Novgorod” klubi bilan uzoq muddatli shartnoma imzoladi.
Terma jamoaning 21 yoshli himoyachisining Sputnik muxbiriga ma’lum qilishicha, yangi shartnoma uch yilga mo‘ljallangan.

“Ha, men “Nijniy Novgorod” klubim bilan shartnomani uzaytirdim. Men uchun bu yangi yutuqlar uchun yana bir qadam. Shartnomani 3-yilga uzaytirdim. Endi klubim Rossiya Premyer-ligasining top reytingida bo‘lishi uchun yanada yaxshi o‘ynashga harakat qilaman”, - deydi Yo‘ldoshev.

Ibrohimxalil Yo‘ldoshev "Paxtakor" jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Bir mavsum "Bunyodkor" safida ijarada o‘ynagan. Yo‘ldoshev 2021-yil avgust oyida "Nijniy Novgorod" safiga o‘tgan edi. Futbolchi joriy mavsum 17 ta o‘yinda maydonga tushgan. U bitta gol va 2 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Mart oyida Yo‘ldoshev klubning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. Unga 714 nafar muxlis ovoz bergan. Boshqa futbolchilar ichida u eng ko‘p 55,35 foizni qo‘lga kiritgan.