TOShKENT, 19 apr — Sputnik. O‘zbekistonda joriy yil 30-aprel - 18-may kunlari oltinchi xalqaro jaz festivali o‘tkaziladi. Festival doirasida O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘zbekistonlik va xorijlik jaz ijrochilarining 20 ga yaqin konserti namoish etiladi. Shuningdek, ular asosiy makonga aylangani holda jazning 85-yilligini nishonlaydi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
“Turli mamlakatlarning jaz yulduzlari nafaqat o‘z mahoratlarini namoyish etish, balki aloqalarini kengaytirish va xalqaro jaz jamiyatiga a’zo bo‘lish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishadi. Ular orasida Tim Borner (Germaniya), Vendetta Jinetti (AQSh), Igor Butman va rus jaz orkestri (Rossiya), Trio Gregori kabi mashhur san’atkorlar bor”, deyiladi xabarda.
Konsert dasturlari Xiva shahrining Ichon qal’asida ochiq havoda, Urganch shahridagi Ogahiy nomidagi musiqali drama teatrida, Buxoro shahridagi musiqali drama teatri va Ilxom teatrida ham namoyish etiladi.
Bundan tashqari, Uspenskiy nomidagi musiqa kolleji, Toshkent sirk kolleji, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Toshkentdagi “Bonum Faktum” galereyasi va “Maqom” barida, shuningdek, Buxorodagi musiqa kollejida mahorat darslari va musiqa mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun, ushbu festival 2011-yilda YuNESKO tomonidan rasman e’lon qilingan xalqaro jaz kuni nishonlanishi munosabati bilan o‘tkazilib kelinmoqda. YuNESKO vakolatxonasining ma’lumotiga ko‘ra, tadbir Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan Fransiya, Germaniya, Vengriya, Hindiston, Polsha, Slovakiya, Shveysariya va AQSh elchixonalari ishtirokida tashkil etilmoqda.